Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

22.01.2026

Asosiy kuch va e'tibor sharoiti og‘ir tuman va mahallalarga qaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida 2025 yil yakunlariga qisqacha to‘xtaldi.


Ta'kidlanganidek, o‘tgan yilda iqtisodiyotimiz dastlabki prognozlarga nisbatan ancha yuqori sur'atlarda 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur'atlari 2024 yilga nisbatan yuqori bo‘ldi. Jalb etilgan xorijiy investisiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi.


Yuqori iqtisodiy faollik va o‘sib borayotgan iste'mol talabiga qaramasdan, inflyasiya darajasi 2024 yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.

Davlatimiz rahbari ortda qolgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqani, aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganini qayd etdi.


Mutasaddilarga bir oy muddatda ishsizlik va kambag‘allik yuqori bo‘lgan mahallalar imkoniyatlarini o‘rganib, eng yaxshi tajribalar asosida metodik qo‘llanma ishlab chiqish topshirildi. Hokimlar esa joylarda uning ijrosini ta'minlab, aholini ish bilan ta'minlash, daromadini oshirish va ularni qiynayotgan masalalarga aniq yechim topish uchun shaxsan mas'ul bo‘ladi.


Yig‘ilishda joriy yil uchun 1 million nafar aholini doimiy ish bilan ta'minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilab olindi.


Yig‘ilishda “og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ish bilan ta'minlash va daromadini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Hokim yordamchilarining ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilish zarurligi qayd etildi.


“Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endilikda barcha tuman va shaharlarda ham joriy etiladi. Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.


Yig‘ilishda tuman hokimlari, mahalla raislari va hokim yordamchilarining hisobotlari hamda takliflari tinglandi.


img-0
img-1img-2