23.09.2025
O‘zbekiston Prezidenti dunyo mamlakatlarini o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 sentyabr' kuni N'yu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida o‘z ishini boshlagan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev so‘zining avvalida ishtirokchilarni BMT Bosh Assambleyasining yubiley anjumani –80-sessiyasi bilan samimiy qutladi. Mazkur yig‘ilish shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tayotgani, bu esa Tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz Bosh kotib Antoniu Guterrishning eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun BMTni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuksak baholadi. “BMT – 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, mamlakatimiz Kelajak uchun paktga qat'iy sodiqligini tasdiqladi.
O‘zbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformasiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar jarayoniga batafsil to‘xtaldi. Ta'kidlanganidek, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati olib borilmoqda.
Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat'iy intilishini tasdiqlab, Prezident O‘zbekiston 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta'kidladi.
O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e'tibor qaratildi. Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.
Prezidentimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozim.
Barchaning barqaror taraqqiyotini ta'minlash haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun'iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga e'tibor qaratdi. Shu ma'noda, sog‘liqni saqlash, ta'lim va madaniyat sohalarida sun'iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi.
Shavkat Mirziyoev so‘zining yakunida Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani, xalqlar, madaniyatlar va sivilizasiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga doim tayyorligini ta'kidladi.


Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_ca0d42ac33b894ff92c97c89.jpg)
BAYRAM TABRIGI
2671
16.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_4be405c3ebc8066be568db85.jpg)
Prezident: “Har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarur”
891
27.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f3c009b9c3443b252646fc13.jpg)
Mahalliy byudjetlarning 2024 yil ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari tashqi auditi natijalari kengashlarda muhokama qilindi
1252
16.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_24c7bc6272f538286fe1870d.jpg)
Davlat moliyaviy nazorat organlari va ichki audit xizmatlari samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘quv seminari
1302
11.08.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_170e3a8159c26d0bb4e46f28.jpg)
Sport vazirligida byudjet mablag‘larining samarali ishlatilishi ustidan monitoring
1085
06.07.2025