Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

27.03.2025

O‘zbekiston – Vengriya Oliy audit organlari Maslahatlashuv kengashining Samarqanddagi birinchi uchrashuvi

Avval xabar qilinganidek, Vengriya Davlat audit idorasi raisi Laslo Vindish boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Vengriya Oliy audit organlari Maslahatlashuv kengashining birinchi uchrashuvi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Ikki kun davom etgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro audit tajribasini birlashtirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va barqaror rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.


Tadbirda O‘zbekiston Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev avvalo O‘zbekiston-Vengriya yuqori darajadagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi.


Ikki mamlakat Oliy audit organlari o‘rtasida tashqi davlat auditi, xalqaro audit standartlari (ISSAI)ni joriy qilish, IT-audit sohalarida o‘zaro tajribani o‘rganish tizimli amalga oshirilishi muhimligi qayd etildi.


Maslahatlashuv kengashining uchrashuvi doirasida davlat byudjeti xarajatlari va daromadlari auditi, davlat xaridlari, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha Hisob palatasida amalga oshirilayotgan transformasiya jarayonlari to‘g‘risida prezentasiyalar taqdim etildi. O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishlardagi tajribasi Vengriya tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.


Vengriya Davlat audit idorasi vakillari esa markaziy byudjet monitoringi va qisqa muddatli prognozlashtirish, raqamli transformasiya va sun'iy intellekt yechimlari bo‘yicha taqdimotlar qildi.


Kelajakdagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida audit standartlari va metodologiyalarini takomillashtirish, idoralararo ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, onlayn maslahatlashuvlar, o‘zaro bilim almashinuvi hamda kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida birgalikdagi dasturlar ishlab chiqish ko‘zda tutildi. 


Tashrif yakunida O‘zbekiston va Vengriya Oliy audit organlari o‘rtasida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.


Unga ko‘ra, Maslahatlashuv kengashining uchrashuvlarini har yili bir marotaba o‘tkazish, idoralararo professional hujjatlarning o‘zaro almashinuvi, ikki idora tuzilmalari o‘rtasida professional darajada maslahatlashuvlar yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Tomonlar muntazam tarzda raqamlashtirish, masofaviy monitoring va xavflarni baholash, markaziy byudjet monitoringi va Oliy audit organining prognozlashtirish tahlillari, idoraning faoliyatini kengaytirish sohalarida muntazam vebinarlar tashkil qiladi.


Vengriya delegasiyasi, shuningdek, Samarqand viloyati xokimi A. Boboev bilan ikki tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi. Unda ikki tomon o‘rtasidagi hududiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Samarqand viloyatining tranzit ahamiyati va strategik o‘rnini ta'kidlagan xolda, Vengriya bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.


Umuman olganda, Vengriya Davlat audit idorasi raisi Laslo Vindishning O‘zbekistonga tashrifi idoralar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.


img-0
img-1img-2