15.06.2025
Yangi bob boshlandi: O‘zbekiston Hisob palatasi GSAI Tashabbusiga qo‘shildi.
INTOSAI Taraqqiyot tashabbusi dasturining rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi GSAI tashabbusiga qo‘shilganligi haqida maqola nashr etildi. Maqolaning qisqacha mazmuni quyida keltirilmoqda.

Yangi bosqich: O‘zbekiston Hisob palatasi Global SAI Accountability Initiative (GSAI) dasturiga qo‘shildi
Joriy yilning mart oyida IDI jamoasi Toshkentga tashrif buyurdi va bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faol va islohotlarga ochiq jamoasi bilan uchrashdi. Ushbu tashrif avval tanishuv maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, tez orada u yanada chuqurroq va strategik mazmun kasb etdi: O‘zbekiston Hisob palatasining GSAI (Oliy audit organlarining hisobdorligini oshirishga qaratilgan xalqaro tashabbus) dasturiga rasman qo‘shilishi boshlandi.
Ma'lumot o‘rnida: GSAI — Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, INTOSAIning IDI (Xalqaro Oliy audit organlarning xalqaro rivojlanish tashabbusi) va INTOSAI-Donor Cooperation hamkorligida amalga oshiriladigan dastur bo‘lib, o‘tish davrida faoliyat yurituvchi Oliy audit organlarni aniq, bosqichma-bosqich va manzilli qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Oslodan Toshkentgacha: Hamkorlik rivoji
GSAI dasturiga O‘zbekiston Hisob palatasi vakillarining Norvegiya Oliy audit idorasi, Storting (Parlament) va IDI bosh qarorgohiga amalga oshirgan tashrifi orqali ilk qadamlar qo‘yildi. Mazkur uchrashuvlarda ishtirok etish natijasida Hisob palatasi jamoasi xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishdi, strategik rivojlanish va IDI tashabbuslariga, xususan, uning GSAI dasturiga qiziqishi yanada ortdi.
Kudrat Erimmetov, Hisob palatasining bosh inspektori, ta'kidlashicha: “Boshqa mamlakatlarning Oliy audit organ vakillari bilan bir joyda bo‘lishimiz bizga kelajakda nimalarga erishish mumkinligini anglatdi. Jamoamiz yosh, o‘zgarishlarga ochiq va yangi bilimlar o‘rganishga tayyor.”
Bu tashrifdan so‘ng, Hisob palatasi Toshkentda o‘tkazilgan GSAI’ning 2-faza seminarida mezbon sifatida ishtirok etdi. Shu orqali tashkilot GSAI dasturining maqsad va usullarini yanada yaqindan anglash imkoniga ega bo‘ldi.
Yosh, lekin katta maqsadlar sari intiluvchi Oliy audit organi
Faqat so‘nggi bir necha yil oldin tashkil etilgan O‘zbekiston Hisob palatasi o‘z oldiga audit salohiyatini rivojlantirish, raqamlashtirishni kuchaytirish va institusional nazoratni mustahkamlash maqsadlarini qo‘ygan. IDI tashrifi chog‘ida tashkilot tomonidan rivojlangan raqamli platforma taqdim etildi. Bu tizim Hisob palatasi va davlat moliyaviy boshqaruv tizimi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta'minlaydi va masofadan turib nazorat o‘tkazish imkonini beradi. Ushbu platforma mintaqada ilg‘or amaliyotlardan biri bo‘lishi mumkin.
Nazgul Albanova, IDI menejeri va GSAI rahbari: “O‘zbekiston Hisob paltasi audit jarayonlarini raqamlashtirishda va moliyaviy ma'lumotlardan foydalanishni kengaytirishda salmoqli yutuqlarga erishgan. Shu bilan birga, audit sifatini ta'minlash, strategik boshqaruv va
manfaatdor tomonlar bilan aloqalarni mustahkamlash borasida ishlarni jadal olib borish lozim”, dedi u.
GSAI bu yerda o‘ziga xos yondashuv bilan amalga oshadi: bor imkoniyatlardan foydalanib, yetishmayotgan jihatlarni hamkorlar orqali to‘ldiradi.
Kelgusi qadamlar
O‘zbekiston Hisob palatasi endi GSAIning rasmiy ishtirokchisi sifatida tan olindi va dastur doirasida strategik boshqaruvni mustahkamlash, natijadorlikni oshirish va tashkilotning barqaror rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha ish olib boriladi. Bu jarayonda SAI PMF baholashi o‘tkaziladi va strategik reja ishlab chiqiladi. Shuningdek, SPMR tashabbusining yangi bosqichida ham qatnashiladi, bu esa strategik va operasion rejalashtirish, monitoring va hisobot berish tizimini takomillashtiradi.
Bu jarayonda tajribali xalqaro hamkorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy yordam ko‘rsatiladi. Bunday hamkorlik mamlakat darajasida ham qo‘llab-quvvatlanmoqda, jumladan Moliya vazirligi tomonidan.
Nega bu muhim?
IDIning vazifasi — jamoatchilik ishonchini orttirishga yordam berish. GSAI aynan shuni ko‘zlaydi: Oliy audit organlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni mustaqil, ishonchli va ahamiyatli institutlarga aylantirish.
SECO vakili Mavzuna Shozodaeva: “Oliy audit organlar davlat moliyaviy boshqaruvini ta'minlashda muhim rol' o‘ynaydi. Bu butun mamlakat makroiqtisodiy tizimi uchun foydali. Ushbu sa'y-harakatlar moliyaviy javobgarlikni oshiradi, shaffoflikni ta'minlaydi va yaxshi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi u.
O‘zbekiston Hisob palatasining GSAIga qo‘shilishi faqat yangi a'zo qo‘shilishi emas, balki Markaziy Osiyoda javobgarlikning kelajagini mustahkamlash sari tashlangan muhim qadamdir.
Maqolaning havolasi:
https://www.idi.no/news/bilateral-support/a-new-chapter-begins-sai-uzbekistan-joins-the-global-sai-accountability-initiative-gsai

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_21d16206331a394414cee7ce.jpg)
Oliy ta'lim sohasida byudjet mablag‘larining samarali ishlatilishi ustidan monitoring
98
10.07.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_2f38ab277f24efb38d50aa6b.jpg)
Xitoy Xalq Respublikasi Bosh auditori Hisob palatasiga tashrif buyurdi
91
09.04.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b43949509c1dc7d3a9cb6c70.jpg)
Ijro intizomini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar
84
20.05.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_4f038ca930e8130bc2fa17cf.jpg)
Islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini qiynayotgan masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident tomonidan Hisob palatasiga berilgan topshiriqlar
101
15.06.2025
Davlat qarzi hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar va investisiyalar bo‘yicha amaliy seminar
128
16.09.2025