O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hisob palatasi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Prezidentga moliyaviy nazorat rejalari bo‘yicha axborot berildi

Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Mehriddin Abdullaev Davlatimiz Rahbariga mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi yuzasidan hisobot berdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi o‘zgartirilib, hududlarda byudjet intizomiga ko‘mak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi o‘rniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining **“Tashqi audit indikatori”**da O‘zbekiston “yaxshi” darajaga ko‘tarildi.
2024 yil 10 iyulda O‘zbekiston Prezidentining “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unda vazirlik va davlat idoralarida ichki audit tizimini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirish, konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish kabi vazifalar belgilandi.
Hisob palatasida, shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinib, unga 34 ta vazirlik va idora bog‘landi.
2024 yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7 trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi.
Bunday amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarur. Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi.
Taqdimotda aytilganidek, joriy yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.
Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_5c291a994950d6d476c1c625.jpg)
Prezident Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
19.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b53fec129b39ccc77cedde71.jpg)
Markaziy bankda kiberxavfsizlik muammolari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
15.02.2026
Sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar
15.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_a38b321fcbb523ae26cd345c.png)
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq tushumlarining to‘liqligini ta’minlash bo‘yicha audit o‘tkazildi
02.01.2025
Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi Hisob palatasiga tashrif buyurdi
07.04.2026