Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

27.08.2026

Fiskal shaffoflik bo‘yicha xalqaro hisobotda Hisob palatasi faoliyati ijobiy baholandi

2026-yilgi AQSh fiskal shaffoflik hisobotida O‘zbekiston davlat moliyasini boshqarish, budjet jarayonlarining ochiqligi va tashqi audit tizimini takomillashtirish borasida muhim ijobiy natijalarga erishgan bo‘lsa-da, fiskal shaffoflik bo‘yicha bir qator amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar mavjudligi qayd etilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatimizda davlat budjeti loyihasi, tasdiqlangan budjet hamda yil yakunlari bo‘yicha hisobotlar belgilangan muddatlarda jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinib kelinmoqda.


Bu esa budjet jarayonlarining shaffofligi va aholi hamda keng jamoatchilikning davlat moliyasi to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.


Hisobotda:


-budjet hujjatlarida davlat xarajatlari va daromadlari to‘g‘risida keng qamrovli ma’lumotlar aks ettirilishi, xarajatlarning vazirliklar hamda davlat boshqaruvi organlari kesimida ochiq taqdim etilishi;


-davlat budjetiga kirmaydigan muhim hisobvaraqlar haqidagi ma’lumotlarning ham oshkor etilishi davlat moliyasi ustidan jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga xizmat qilayotgani;


-O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining mustaqilligi xalqaro standartlarga muvofiq ekanligi;


-ushbu Oliy audit organi tomonidan o‘tkazilayotgan audit tadbirlari davlat budjeti ijrosini to‘liq qamrab olishi hamda audit natijalarida berilayotgan asoslangan xulosalar va amaliy tavsiyalar mamlakatda tashqi davlat auditi tizimining samaradorligini namoyon etayotganligi;


-harbiy va maxsus xizmatlar faoliyati uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari ustidan parlament hamda fuqarolik nazoratining mavjudligi natijasida davlat boshqaruvida hisobdorlik tamoyillarining ta’minlanayotgani;


-mamlakatning suveren jamg‘armasi faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgani, mablag‘lar manbalari hamda ulardan foydalanishning umumiy mexanizmlari ochiq yoritilayotgani;

tabiiy resurslardan foydalanish sohasida ham ochiqlik va qonuniylikni ta’minlash borasida ijobiy amaliyot shakllangani kabi masalalar ijobiy e’tirof etildi.


Lekin ijobiy natijalar bilan birga, hisobotda quyidagi e’tibor berilishi kerak bo‘lgan masalalar ham qayd etilgan. Jumladan:


davlat qarzi majburiyatlari, jumladan yirik davlat korxonalarining qarz majburiyatlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘liq ochiqlash;


xorijiy qarz oluvchilarga berilgan suveren kreditlarning shartlari va talablarini jamoatchilikka to‘liq taqdim etishni takomillashtirish;


davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar haqida jamoatchilik uchun qulay va ochiq ma’lumotlarni yetarli darajada e’lon qilish.


Ushbu yo‘nalishdagi axborotlarni ochiqlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish fiskal shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.


Mazkur xalqaro baholash natijalari mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarish, budjet jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va tashqi audit tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

img