26.08.2026
“Agroparranda klasteri” loyihasini moliyalashtirish va “Parrandasanoat” uyushmasini saqlash uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-iyundagi “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–238-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi tomonidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi va “Mikrokreditbank” ATBda o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida loyiha doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlardan unumli foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratilishi, kichik quvvatdagi parrandachilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya tizimiga asoslangan “Agroparranda klasteri” loyihasini moliyalashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
“Agroparranda klasteri” loyihasining umumiy qiymati 100 mln AQSh dollarini tashkil etib, 2024–2026-yillarda respublikamizning 3 ta hududida amalga oshirilishi belgilangan.
Mablag‘lar manbalari: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi – 35 mln dollar, xalqaro moliya institutlari – 40 mln dollar, loyiha tashabbuskorlari – 25 mln dollar.
Loyiha doirasida 2026-yil 1-iyun holatiga 46,8 mln dollar o‘zlashtirilgan (shundan, 30,4 mln dollar loyiha tashabbuskori mablag‘lari).
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yo‘naltirilgan mablag‘lardan 16 mln dollar yoki 47 foizi o‘zlashtirilgan.
Loyiha doirasida:
– G‘allaorol, Bulung‘ur va Ohangaron tumanlarida yillik umumiy quvvati 675 ming bosh bo‘lgan I–II tartibli reproduktor naslli parranda boqishga mo‘ljallangan fermalar;
– O‘rtachirchiq tumanida 18 mln bosh jo‘ja chiqarish inkubatoriyasi, Jomboy tumanida 32 ming tonna maxsus parranda ozuqasi ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgan.
Ohangaron tumanida yillik quvvati 700 ming tonna parranda ozuqasi ishlab chiqarish zavodi qurilishi davom etmoqda (2,5 km temir yo‘l, 1,4 km elektr va 1,7 km gaz tarmoqlari o‘z mablag‘lari hisobidan tortib kelingan).
O‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar va muammoli masalalarga e’tibor qaratildi:
-“Agroparranda klasteri” loyihasini amalga oshirish uchun Ohangaron tumanidan tanlangan 104 gektar yer maydoni ajratilmagan;
-Parrandachilik sohasidagi tadbirkorlar uchun mahsulotlar narxlari va ishlab chiqarish hajmlari tahlili uchun ishlab chiqilgan elektron dasturda konsepsiyada belgilangan talablar to‘liq ishga tushirilmagan. Buning natijasida hozirda birorta korxona dasturga ulanmagan;
-Parrandachilik sohasini 2025–2027-yillarda rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar mazkur strategiyani tasdiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinmagan.
Kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanish hamda loyihani muddatida ishga tushirish maqsadida quyidagi takliflar berildi:
-Vazirlar Mahkamasining “Parrandachilik sohasini 2026–2028-yillarda rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tegishli tartibda tasdiqlashni jadallashtirish choralarini ko‘rish;
-Ohangaron tumanida toifasi o‘zgartirilgan 27 gektar yer maydonini hamda ikkinchi bosqich uchun tanlangan 70,1 gektar yer maydoni toifasini belgilangan tartibda o‘zgartirib, “Agroparranda klasteri” MChJga ajratish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
-elektron axborot dasturining texnik topshiriqqa muvofiq to‘liq ishlashini ta’minlash orqali doimiy monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;
-chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkazib, sohaga investitsiya jalb qilish choralarini ko‘rish;
-Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan birgalikda ajratilgan resurs mablag‘laridan samarali foydalanish choralarini ko‘rish.
Audit jarayonida sohada aniqlangan kamchiliklar mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_30ca5371ad72b0593bb53236.jpg)
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
95
29.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_1c058345392d808abf76d45c.jpg)
Banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta'minlash va daromadli qilish borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi
2991
10.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_4ece089f0a595867d3bef327.jpg)
Sergeli tumanida raqamlashtirish boʻyicha ishlar haqida maʼlumot berildi
445
03.07.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_01cbf5ea35eaf722963c1dcc.jpg)
O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasi Latviya Respublikasi Seymiga tashrif buyurdi
108
18.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_7d12a018c2bffe7ffdf7d9cc.jpg)
Raqamli pullarni rivojlantirishning iqtisodiy imkoniyatlariga bag‘ishlangan vebinar
355
04.02.2026