Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

06.01.2025

Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari auditi o‘tkazildi

Hisob palatasi tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish holati hamda ulardan samarali foydalanish masalalari auditdan o‘tkazildi.

Tashqi qarz mablag‘lari hisobidan 2025-yil boshida XMI ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar soni 126 tani va umumiy qiymati 17,6 mlrd dollarni tashkil etgan.


Loyihalarning asosiy qismi belgilangan grafik asosida amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim loyihalarda mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi pastligi yoki ishlar umuman boshlanmagani aniqlandi. Xususan, qarz bitimlari imzolanganiga ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qiymati 5 mlrd dollardan ortiq 48 ta loyihada mablag‘lar 10 foizdan kam o‘zlashtirilgan yoki o‘zlashtirish umuman boshlanmagan.


Audit jarayonida loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik natijasida qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarga yo‘l qo‘yilgani ham ma’lum bo‘ldi. Jumladan, ayrim loyihalar muddatining uzaytirilishi natijasida 23,8 mln dollar miqdorida qo‘shimcha komissiya to‘lovlari yuzaga kelgan.


Loyihalarning kechikishiga asosan texnik-iqtisodiy asoslarning o‘z vaqtida ishlab chiqilmagani, tender jarayonlarining cho‘zilishi, xalqaro moliya institutlari bilan moliyaviy hujjatlarni kelishishdagi kechikishlar hamda konsultant kompaniyalar faoliyatining yetarli darajada samarali tashkil etilmagani sabab bo‘lgan.


Shuningdek, ayrim loyiha tashabbuskorlari tomonidan loyihani amalga oshirish guruhlari faoliyati ustidan nazoratning yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani sababli tasdiqlangan loyiha hujjatlariga mahalliy hokimliklar tomonidan o‘zgartirishlar kiritilgan holatlar aniqlandi.


Investitsiya loyihalarini onlayn monitoring qilish borasida ham kamchiliklar mavjud. Xususan, loyiha tashabbuskorlari tomonidan elektron monitoring tizimiga ma’lumotlar to‘liq kiritilmagani sababli ayrim jarayonlar hanuz qog‘oz shaklidagi ma’lumotlar asosida kuzatib borilmoqda.


Audit natijalari bo‘yicha loyihaoldi hujjatlari mavjud bo‘lmagan va uzoq vaqt davomida ishlar boshlanmagan ayrim loyihalarda 785 mln dollarlik mablag‘larni maqbullashtirish yoki ularni sohaning boshqa ustuvor yo‘nalishlariga yo‘naltirish taklif etildi.


Shuningdek, tashqi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini monitoring qilish bo‘yicha yagona raqamlashtirilgan platformani joriy etish, loyihalarning barcha bosqichlarini onlayn kuzatib borish va yakunlangan loyihalar bo‘yicha postmonitoring tizimini kuchaytirish choralari belgilandi.


Mazkur choralarning amalga oshirilishi tashqi qarz mablag‘laridan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida yakunlash, qo‘shimcha xarajatlarning oldini olish hamda jalb qilingan mablag‘larning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

img