25.05.2026
Qozog‘istonlik ekspert: “Raqamli audit va Big Data davlat moliyaviy nazoratining kelajagini belgilaydi”
Toshkent shahrida “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli (Big Data) ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Qozog‘iston Respublikasi Oliy audit palatasi vakili, Raqamlashtirish departamenti bosh konsultanti Jenisov Turar Bauyrjan o‘g‘li tadbirning ahamiyati va davlat auditini raqamli transformatsiya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda davlat moliyaviy nazorati tizimida raqamli texnologiyalar, Big Data va sun’iy intellekt vositalarini joriy etish oliy audit organlari faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Jumladan:
“Hozirgi davrda davlat boshqaruvi tizimida ma’lumotlar hajmi keskin oshib bormoqda. Bu esa audit jarayonlarida an’anaviy yondashuvlar bilan bir qatorda intellektual tahlil va raqamli monitoring mexanizmlarini keng qo‘llashni talab etadi.
Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur xalqaro konferensiya aynan shu jihatdan juda muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qiladi.”
Ekspertning qayd etishicha, O‘zbekistonda davlat auditini raqamlashtirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni kuchaytirish hamda elektron nazorat mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuqori bahoga loyiq.
“Biz O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Masofaviy audit markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Ushbu tizim orqali xatarlarni erta aniqlash, tahlillarni avtomatlashtirish va tekshiruvlarni maqsadli tashkil qilish imkoniyatlari juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bu tajriba nafaqat mintaqa davlatlari, balki barcha oliy audit organlari uchun muhim namuna bo‘la oladi.”
Shuningdek, uning fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlik uchun ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barcha sohalar qatori audit va raqamli transformatsiya yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda.
Biz tajriba almashish, IT-audit, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat auditiga joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.”
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya Osiyo Oliy audit organlari xalqaro tashkiloti — ASOSAI platformasida tashkil etilgan bo‘lib, unda dunyoning qator davlatlaridan kelgan ekspertlar ishtirokida davlat auditining raqamli kelajagi, IT-audit, Big Data tahlili va sun’iy intellekt imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qozog‘istonlik ekspert yakunda quyidagilarni ta’kidladi:
“Bunday xalqaro muloqot platformalari kelgusida ham davlat auditi samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va professional hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.”

Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_0a4cb1ce52541ec4e5c44be7.jpg)
O‘zbekiston Prezidenti yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi
1945
15.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6f6c509bda2bf869253a3d1b.jpg)
Latviya Davlat audit idorasi rahbari Oliy Majlis palatalarida qabul qilindi
1591
04.12.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_01897bf9acd5acd91ed6bcac.jpg)
Ijro intizomini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
2772
29.07.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_49549c9e767b1f7690e8f710.png)
Innovatsiya sohasi hamda ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati samaradorlik auditi.
915
12.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/508114cc-8816-0920-e9a8-bf1ccde7c6ce.jpg)
Prezidentga moliyaviy nazorat rejalari bo‘yicha axborot berildi
1577
19.01.2025