Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

12.07.2026

Tashabbusli budjet loyihalari samaradorligi bo‘yicha o‘rganish natijalari

Hisob palatasi tomonidan joriy yilning may–iyun oylarida 2025-yilgi (1–2 mavsum) hamda 2026-yil 1-mavsumda o‘tkazilgan tashabbusli budjet jarayonlari hamda loyihalarga ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi tahlil qilindi va Surxondaryo viloyati misolida o‘rganish o‘tkazildi.

Tahlillar natijasida “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga jami 9,7 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligi aniqlandi. Shundan 7,9 trln so‘m mahalliy budjetlar, 1,3 trln so‘m mahalliy budjetlar qo‘shimcha manbalari hamda 0,5 trln so‘m respublika budjeti mablag‘lari hisobiga shakllangan.


Tashabbuskorlar tomonidan umumiy qiymati 80,8 trln so‘mlik 71 711 ta loyiha ilgari surilgan bo‘lib, shundan 6 978 ta loyiha 21,6 mln ta ovoz to‘plab g‘olib deb topilgan va ularga 9,3 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.


O‘rganishlar davomida ishchi guruh tomonidan mazkur faoliyatni tashkil etilishi jarayonlarida bir qator tizimli muammolar mavjudligi qayd etildi. Jumladan:


tashabbusli budjet jarayonlarida ishtirok etgan 29 445 ta loyihaga umuman ovoz berilmagan bo‘lsa, 5 045 ta MFY biror marta ham g‘oliblikni qo‘lga kiritmagan;


“Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasiga mahalliy hokimliklar tomonidan mablag‘lar me’yorga nisbatan kam ajratilgan;


g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 453 ta loyihada qurilish ishlari boshlanmagan;


ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan bir qator loyihalarga buyurtmachilar tomonidan xulosalar berilmagan;


hukumat qarorlarida moliyalashtirish manbalari aniq belgilangan 125 ta loyiha tashabbusli budjet jarayonida g‘olib chiqqan;


326 ta yangi qurilgan yoki ta’mirlangan bino-inshootlarni jihozlash ko‘zda tutilmagan;


Surxondaryo viloyatidagi o‘rganishlarda jihozlar bozor bahosidan qimmat narxlarda sotib olingan hamda bajarilgan qurilish va ta’mirlash ishlarining sifati pastligi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.


Tahlil natijasida tashabbusli budjet jarayonlarini takomillashtirish, xatoliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish maqsadida 9 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.


Xususan:


tashabbusli budjet jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish;


loyihalarni saralash bosqichida sun’iy intellektdan foydalanish;


bajarilgan ishlar sifatini nazorat qilish mexanizmlarini kuchaytirish;


tashkilotlarning jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj reyestrini shakllantirish;


yangi bino va inshootlar qurilganda tegishli budjet hisobidan jihozlash majburiyatini yuklash kabi choralar shular jumlasidandir.


Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tashabbusli budjet jarayonlarida shaffoflikni va aholi uchun muhim bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.


O‘rganish yakunlariga ko‘ra, tashabbusli budjet faoliyatini takomillashtirish va o‘rganish natijalarini muhokama qilib, tegishli choralarni belgilash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligiga tegishli ko‘rsatmalar kiritildi.

img