08.07.2026
Toshkent shahar issiqlik ta’minoti uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalarning asosliligi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari
Hisob palatasi tomonidan Toshkent shahar issiqlik ta’minoti uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalarning asosliligi o‘rganildi.

Bunda, ajratilgan subsidiyalarning hisob-kitoblari bilan birgalikda Toshkent shahar hokimligi va “Veolia Energy Tashkent” maxsus loyiha kompaniyasi o‘rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ijrosi tahlil qilindi.
Bitim doirasida maxsus loyiha kompaniyasi tomonidan 20 mln yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilgan va quyidagi ishlar amalga oshirilgan:
- loyiha doirasida Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarida zamonaviy, quvvati 30 MVtlik “Vodnik” va 18 MVtlik “Sanoat Energo” qozonxonalari qurilgan;
- Bektemir tumanidagi “Vodnik” hamda Sergeli tumanidagi “Quruvchi” dahalarining issiqlik tizimi to‘liq “yopiq” tizimga o‘tkazilgan;
13 km yangi zamonaviy quvurlarga almashtirilgan, 108 ta ko‘p qavatli uylar va 16 ta ijtimoiy soha obyektlariga 144 ta individual isitish punkti o‘rnatilgan;
- Toshkent shahar markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimi to‘liq texnik auditdan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, bir qator ko‘rsatkichlar, xususan, issiqlik stansiyalari, hisoblagichlar, mobil qozonxonalar va maxsus texnikalarni xarid qilish bo‘yicha rejalar past darajada bajarilgan.
Jumladan:
1,1 ming ta issiqlik stansiyalarini o‘rnatish 28 foizga (309 ta) bajarilib, ularning 153 tasi ekspluatatsiyaga topshirilgan bo‘lsa, 4,2 km yangi issiqlik tarmog‘ini qurish rejasi bajarilmagan;
22,3 Gkal/soat mahalliy qozonlarni modernizatsiya qilish 94 foizga (21 Gkal/soat) bajarilgan bo‘lsa, 2 dona mobil qozonxona xarid qilinmagan;
13,6 ming ta issiqlik energiyasini o‘lchash moslamasini o‘rnatish 6,9 foizga (941 ta), 259,3 ming ta issiq suvni hisobga olish moslamasini o‘rnatish 31 foizga (81,6 ming ta) bajarilgan;
219,3 ming ta aqlli hisoblagichlardan faqat 127,6 ming tasi (58 foiz) xarid qilinib, 96 ming tasi (44 foiz) o‘rnatilgan.
Bitimga ko‘ra, dastlabki 15 yilda amaldagi shtatlar sonini bosqichma-bosqich maqbullashtirish kelishilgan bo‘lib, amalda bu bo‘yicha ishlar boshlanmagan.
Davlat sherigi Toshkent shahar hokimiyati tomonidan bitim shartlariga ko‘ra sohani rivojlantirishga oid 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilmagan.
Olib borilgan tizimli tahlillar va sohadagi o‘rganishlar natijalari ushbu yo‘nalishda erishilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, loyiha samaradorligini yanada oshirish uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir nechta muhim masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan:
1. Sohani budjetdan subsidiyalash tizimini yanada takomillashtirish zarurati mavjud. Ya’ni, budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlash uchun subsidiyalar hajmini faqat prognoz ko‘rsatkichlari asosida ajratmasdan, yil yakuni bo‘yicha haqiqiy ishlab chiqarish xarajatlari va real sotuv hajmlaridan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilish tizimini joriy etish maqsadga muvofiq.
O‘rganish jarayonida subsidiya ajratishda budjetdan ortiqcha hisob-kitob qilinganligi natijasida yuzaga kelgan noaniqliklar bartaraf etildi va 187,7 mlrd so‘m budjetga tiklandi.
2. Tarif siyosatini muvofiqlashtirish, iste’molchilar toifalari (aholi, budjet tashkilotlari va yuridik shaxslar) o‘rtasidagi narx mutanosibligini bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida qayta ko‘rib chiqish orqali tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi.
3. Issiqlik ta’minoti tizimidagi modernizatsiya ishlarining eng asosiy bahosini iste’molchilar beradi. Xususan, keyingi yillarda aholidan kelib tushayotgan murojaatlar sonining ortishi ham sohada sifat nazoratini kuchaytirishni talab etadi.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, issiq suv va issiqlik ta’minoti bo‘yicha 2020-yilda 1 229 ta murojaat tushgan bo‘lsa, 2025-yilda ular soni 9 449 taga yetgan yoki qariyb 8 barobarga oshgan.
Mirobod (9,7 baravar), M. Ulug‘bek (9,1 baravar), Yashnobod (8,2 baravar), Olmazor (8,1 baravar), Yunusobod va Chilonzor tumanlarida (7,2 baravar) o‘sish eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan.
Issiqlik tizimining texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazish va aholi muammolarini tezkor hal etuvchi maxsus ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tavsiya etiladi.
4. Bugungi kundagi global iqlim o‘zgarishlari va qish mavsumining qisqarishi jarayonlarini inobatga olib, davlat sherigi Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bazasini yangilash ishlarini jadallashtirish lozim.
Toshkent shahri bo‘yicha turar joylarni isitish me’yorlarini zamonaviy iqlim parametrlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish budjet mablag‘larining ortiqcha sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish — faqatgina bir tashkilotning emas, balki davlat va xususiy sherikning hamkorlikdagi mas’uliyatidir.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi va “Veolia Energy Tashkent” maxsus loyiha kompaniyasiga, shuningdek, tegishliligi bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasiga:
xatoliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash, shuningdek, faoliyatni takomillashtirish maqsadida o‘rganish natijalarini tanqidiy muhokama qilish;
yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarni haqiqiy xarajatlar asosida qayta hisoblash;
davlat-xususiy sheriklik majburiyatlari ijrosidan kelib chiqib, kelgusi davr uchun aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash tizimini yo‘lga qo‘yilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar kiritildi.

Boshqa yangiliklar
Xorazm viloyatiga Hisob palatasi vakili — Bosh inspektor tayinlandi
319
28.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_e00aada1263b4ab6f4dfc2f4.jpg)
“Dori-Darmon” AK auditdan o‘tkazildi
2029
21.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_3cfdf32319ab0fe72ee0e735.jpg)
O‘zbеkiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar tariхida yangi sahifa ochilmoqda
378
25.03.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_9623634b7a56bd040278a664.jpg)
Davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga bag‘ishlangan yig‘ilish
2021
21.08.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/e07ccfb3-1677-f18b-e313-35652ce82647.jpg)
1329
21.01.2025