Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

01.06.2026

Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid belgilangan vazifalar ijrosi hamda samaradorligi tahlili

Hisob palatasi tomonidan 1-chorakdagi ish rejaga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid belgilangan vazifalar ijrosi hamda samaradorligi tahlil qilindi.

So‘nggi 3 yilda hududda tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash uchun qulay sharoit yaratish va bu orqali hududni jadal rivojlantirish bo‘yicha Davlat Rahbarining 5 ta hujjati qabul qilingan.


2 ta Farmon – PF-129, 08.08.2023-y., PF-10, 27.01.2025-y. hamda 3 ta qaror – PQ-66, 09.02.2024-y., PQ-248, 14.08.2025-y., PQ-70, 21.02.2026-y.


Ushbu hujjatlar doirasida, xususan 2025-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi bo‘yicha hududda quyidagi amaliy natijalarga erishilgan:


▪ yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sish sur’ati 2022-yilga nisbatan 114,1 foizni tashkil etib, reja ortig‘i bilan bajarilgan;


▪ sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 2022-2025-yillarda 110,5 foizni tashkil etgan;


▪ xizmat ko‘rsatish hajmi 133,1 foizga o‘sgan;


▪ eksport hajmi 435,2 mln dollarni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 123,4 foizga oshgan;


▪ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi 472,7 mln dollarni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 11,6 barobarga o‘sgan;


▪ aholi bandligini ta’minlash rejasi ortig‘i bilan bajarilishi natijasida ishsizlik darajasi 5 foizga tushgan (2022-yilda 9,1 %);


▪ yoshlarga davlat oliy ta’lim muassasalariga 500 ta, nodavlat muassasalarga 200 ta maqsadli kvota ajratilgan;


▪ 15,8 trln so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida, 123 ta tadbirkorlik subyektlariga 1 547,6 gektar yer maydonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratib berilgan;


▪ xorijiy turistlar oqimi 2023-2025-yillarda uch karra ortgan (2023-yilda 117,9 ming, 2025-yilda 405,8 ming nafar);


▪ ichki turizmni rivojlantirish orqali 2025-yilda mahalliy sayyohlar soni 2 652 ming nafarga yetgan (2023-yilda 1 095 ming nafar);


▪ turizm xizmatlari hajmi 2025-yilda 51,1 mln dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan ikki karra ortgan (26,3 mln dollar);


▪ sayyohlarni joylashtirish vositalari (mehmonxona, mehmon uylari, hostel va boshqa) soni 108 taga va ulardagi o‘rinlar 2 987 taga yetkazilgan.


Shu bilan birga, tahlillar ayrim sohalarda qator kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan:


➢ sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 2022-2025-yillarda Nukus shahrida 84,1 foizgacha va Taxtako‘pir tumanida 95 foizgacha kamaygan;


➢ Nukus shahri (98%) va Xo‘jayli tumanida (91%) 2025-yilda eksport hajmining kamayishi kuzatilgan;


➢ 2024-yilda ishga tushirilishi belgilangan (PQ-66, 09.02.2024 y.) 33 ta loyihaning ijro muddati Hukumat komissiyasi tomonidan bir necha bor uzaytirilgan.


Jumladan, 4 ta loyiha ijro muddati – 4 marta, 10 ta loyiha – 3 marta va 19 ta loyiha – 2 marta uzaytirilgan. Oqibatda, ushbu loyihalarga rejalashtirilgan 2 386 ta yangi ish o‘rni yaratilmagan.


➢ hududda toifasi o‘zgartirilgan qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish ishlari yetarli tashkil etilmagan.


Xususan, 2022-yildan joriy yil 1 martga qadar 15,2 ming gektar yer toifasi o‘zgartirilgan bo‘lsa, shundan 5,3 ming gektar (35%) belgilangan maqsadlar uchun tashabbuskorlarga ajratilgan.


Qolgan 9,4 ming gektari (62%) hokimliklar zaxirasida bo‘sh turgan bo‘lsa, 477 gektari (3%) hokimlik zaxirasiga qaytarilmagan.


Ta’kidlash joizki, hududda yog‘ingarchilik kamligi hamda iqlim o‘zgarishi yildan yilga suv resurslariga bo‘lgan bosimni yanada kuchaytirmoqda.


Shu bois, 2025-yilda hududda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 109 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermerlarga 28,8 mlrd so‘m subsidiya va boshqa moliyaviy imtiyozlar qo‘llanilgan.


Natijada, 75,2 ming gektar (rejaga nisbatan 100%) maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.


Lekin, shunday bo‘lsa-da, suv resurslaridan samarali foydalanish borasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Xususan:


➢ “Aqlli suv” qurilmalaridan 121 tasi (12%) o‘rnatilganidan buyon ma’lumot yubormagan, 628 tasida (63%) ma’lumot uzatish to‘xtab qolgan;


➢ tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar 75 foizga bajarilgan;


Ayniqsa, Amudaryo (59,6%), Xo‘jayli (66,5%), Shumanay (54,5%), Qonliko‘l (53,5%), Qorao‘zak (15%), Kegeyli (5%) tumanlarida bu ko‘rsatkich ancha past.


➢ suv hisobini yuritishni raqamlashtirish maqsadida 2021-2024 yillarda 1 515 ta “Aqlli suv” qurilmalarini o‘rnatish rejasi belgilangan bo‘lib, amalda 995 ta qurilma o‘rnatilgan (66%).


O‘rganish jarayonida ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 215 ta topshiriq ijrosi ta’minlanib, nazoratdan yechildi. Masalan:


✓ mablag‘ ajratish bilan bog‘liq 16 ta topshiriq;


Qo‘ng‘irot tumanidagi eski 50 o‘rinli bolalar shifoxonasiga zarur jihozlar xarid qilish uchun 882 mln so‘m mablag‘ ajratildi va to‘liq jihozlanib, ishga tushirildi (Administratsiya rahbarining 06.10.2025 yildagi 23-son bayoni, 27-band).


✓ yer, qurilish va infratuzilma bo‘yicha 19 ta topshiriq bajarildi;


Yangidan boshlanadigan 26 ta obyekt bo‘yicha pudrat shartnomalarini tuzish ishlari yakuniga yetkazildi (27.12.2025 yildagi PQ-393-son qaror, 6-b-band).


✓ hududiy investitsiya dasturi doirasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati bo‘lgan 57 ta (128,5 mlrd so‘m) istiqbolli loyiha shakllantirildi;


✓ 455 ta loyihalar bo‘yicha 130 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.


O‘rganish natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqildi, shuningdek mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etilishi va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

img