26.05.2026
“Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat auditi sohasini intellektual rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqadi”
Toshkent shahrida “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida ishtirok etgan Xitoy Xalq Respublikasi Milliy audit idorasi (CNAO) bosh auditor o‘rinbosari Ma Venxuey tadbirning ahamiyati hamda davlat auditi sohasini raqamlashtirish bo‘yicha Xitoy tajribasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Bosh auditor o‘rinbosari Ma Venxuey avvalo ASOSAI Bosh kotibi hamda Xitoy Milliy audit idorasi bosh auditori Xou Kay nomidan konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani munosabati bilan tabrik va ezgu tilaklarni yetkazdi. U raqamli texnologiyalar audit sohasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil ekanini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Xitoy Milliy audit idorasi raqamli texnologiyalar asosida audit salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratib, zamonaviy audit usullari va vositalarini keng joriy etishni jadallashtirdi. Shuningdek, raqamli transformatsiya orqali audit samaradorligini oshirib, markazlashgan, yagona va har tomonlama qamrab oluvchi audit tizimini shakllantirishga hissa qo‘shdi.
Xitoy delegatsiyasi rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi ushbu konferensiyani tashabbus bilan tashkil etgani yuqori baholandi.
Tadbirda turli mamlakatlardan kelgan vakillar auditning raqamli transformatsiyasi, sun’iy intellektdan foydalanish, katta hajmli ma’lumotlar auditi, masofaviy audit va avtomatlashtirilgan nazorat, shuningdek kiberxavfsizlik va axborotni himoya qilish kabi dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashdilar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda “ChatGPT” va “DeepSeek” kabi generativ sun’iy intellekt texnologiyalarining paydo bo‘lishi barcha sohalarda AI imkoniyatlaridan foydalanishga kuchli turtki berdi.
“Agar katta hajmli ma’lumotlar texnologiyasi davlat auditida ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish orqali auditni tanlama tekshiruvdan to‘liq qamrovli auditga o‘tkazgan bo‘lsa, sun’iy intellekt texnologiyalarining qo‘llanishi bu jarayonni yanada chuqurlashtirib, audit sohasini intellektual rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqadi”, — dedi u.
Bundan tashqari, Xitoylik ekspertlar INTOSAI, ASOSAI va turli davlatlarning oliy audit organlari ushbu yo‘nalishda, jumladan huquqiy bazani takomillashtirish, maxsus infratuzilma yaratish, kadrlar tayyorlash hamda xalqaro tajriba almashish bo‘yicha muhim natijalarga erishganini ta’kidlab, bu o‘zaro tajriba almashuv uchun mustahkam zamin yaratganini qayd etdilar.
Konferensiyada Xitoy delegatsiyasi o‘z mamlakatining amaliy tajribasini batafsil taqdim etdi.
Taqdimotda:
audit jarayonlarida sun’iy intellekt va raqamli vositalardan foydalanish orqali tahlil sifati, tezkorlik va qaror qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish;
katta hajmli ma’lumotlar va AI texnologiyalarini keng joriy etish orqali audit samaradorligini oshirish hamda davlat boshqaruvida uning rolini kuchaytirish masalalari yoritildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Xitoy Xalq Respublikasi Milliy audit idorasi o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib bormoqda.
Jumladan, 2025-yil 5-sentyabr kuni Pekin shahrida Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev va Xitoy Milliy audit idorasi bosh auditori, ASOSAI Bosh kotibi Xou Kay o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan hamda 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan Amaliy hamkorlik rejasi (Action Plan) imzolangan edi.
Ushbu hujjatga ko‘ra:
tomonlar davlat auditi sohasida innovatsion yechimlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish, hamda muntazam tajriba almashish;
audit amaliyotida Big Data va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha seminar va treninglar o‘tkazish hamda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib olingan.

Boshqa yangiliklar
O‘zbekiston va Ozarbayjon Hisob palatalari o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
96
26.05.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_b53fec129b39ccc77cedde71.jpg)
Markaziy bankda kiberxavfsizlik muammolari bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
518
15.02.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_1ae5bb8f23d13809e328ce2d.jpg)
Tejamkorlik va barqarorlikni ta'minlashga bag‘ishlangan navbatdagi seminar
1528
05.02.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_e692b4271fca99651024ee9c.png)
Osiyo taraqqiyot banki bilan munosabatlar faol rivojlanmoqda
1449
10.07.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_176288dd274399c845598a28.jpg)
Hisob palatasi auditi natijalari muhokama qilindi: kamchiliklarni bartaraf etish va tizimni takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
184
26.04.2026