Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

30.04.2026

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi muvofiqlik auditida qanday natijalarga erishildi

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sohani innovatsion rivojlantirish va samaradorlikni oshirish maqsadida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shulardan biri — Jahon banki ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasidir.

Ushbu loyiha 659,3 mln AQSh dollari qiymatiga ega bo‘lib, amalga oshirilishi 2020–2026-yillarga mo‘ljallangan. 2026-yil boshiga kelib, kredit mablag‘larining 75 foizi o‘zlashtirilgan.


Moliyalashtirish manbalari sifatida Jahon banki krediti, tashabbuskorlar ulushi va davlat ulushi shaklidagi mablag‘lar hisoblanadi.

Loyiha doirasida qator muhim ishlar amalga oshirilgan, jumladan:


ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi;


fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga imtiyozli kreditlar ajratildi;


qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing asosida keng joriy etildi;


zamonaviy raqamli texnologiyalar, jumladan dronlar orqali monitoring tizimlari joriy qilindi.


O‘z navbatida, bu ishlar sohada innovatsion yondashuvlarni shakllantirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.


Audit jarayonida, loyihani amalga oshirish jarayonida qator jiddiy kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi:


1.Tijorat banklariga ajratilgan mablag‘larning bir qismidan foydalanilmasdan qolingan bo‘lsa, ayrim hollarda esa kredit mablag‘lari maqsadsiz sarflangan.


2.Rejalashtirilgan 4 589 ta ish o‘rinlarining qariyb yarmi amalda yaratilmagan. 136 ta loyihalar to‘liq ishga tushmagan va 13 ta loyihalar to‘xtab qolgan.


3.Lizing asosida texnika olgan 527 nafar fermerda katta miqdorda muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelgan. Bu ularning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.


4.Ayrim obyektlarda buyurtmachi tomonidan qurilish ishlari loyihada belgilangan uskunalarga muvofiq amalga oshirilmaganligi va kechiktirilganligi natijasida, loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish imkoniyatlari kechiktirilmoqda.


Misol uchun, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi Urug‘chilik markaziga 2024 yilda yetkazib berilgan 1,2 mln dollarlik uskunalar qurilish ishlari yakunlanmagani sababli o‘rnatilmasdan, qarovsiz holatda tashlab qo‘yilgan. Bunda, rekonstruksiya qilingan bino o‘lchamlari xarid qilingan uskunalar o‘lchamlariga mos kelmagan.


Loyiha ijrosida 9 ta ortiqcha shtatlar joriy qilingan va natijada asossiz xarajatlar qilinishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.


Agromaslahat konsalting xizmatlari uchun to‘langan mablag‘lar o‘zini oqlamagan va shartnomalar to‘liq bajarilmagan.


Audit natijalariga ko‘ra, qayd etilgan muammolarni bartaraf etish va loyiha samaradorligini oshirish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar taklif etildi. Xususan:


-Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan har bir bo‘g‘indagi mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish;


-Fermer xo‘jaliklarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va qarzdorliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqish;


-Laboratoriya va texnikalardan samarali foydalanishni ta’minlash;


-Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish va tijoratlashtirish;


-Loyiha monitoringini raqamli tizimlar orqali yanada kuchaytirish.


Audit jarayonida sohada qayd etilgan muammolar va aniqlangan kamchiliklar tashkilotlar mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagrolizing” AJlarga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.


Xulosa qilib aytganda, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasi mamlakat agrar sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. U muayyan ijobiy natijalarni bergan bo‘lsa-da, aniqlangan kamchiliklar uning to‘liq samarali faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda.


Eng asosiy vazifa — ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanish, boshqaruvni takomillashtirish va ilmiy-amaliy yondashuvni yanada kuchaytirish bo‘lib, natijada mazkur loyiha qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sish va yuqori natijalarni ta’minlaydi.

img