Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

27.04.2026

Joriy yilning 1-choragida Hisob palatasi tomonidan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kompleks baholashdan o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasida, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish sur’atlari qayd etilsa-da, soha va tarmoqlar kesimida ayrim ko‘rsatkichlarga erishishda muammolar va zaxiralar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

2025-yilda YaHM (85,4 trln so‘m) 2024 yilga nisbatan o‘sishi 8,2 foiz bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshgan. Aholi jon boshiga 27 mln so‘mni tashkil etgan holda so‘nggi besh yilda (2021 yil 14,5 mln so‘m) qariyb 2 barobarga ko‘paygan.


Sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga viloyatda o‘rtacha 12,7 mln so‘mni tashkil qilib, 2021 yilga (5 mln so‘m) nisbatan 2,5 barobarga oshgan.


Bunda, ushbu ko‘rsatkich To‘raqo‘rg‘on tumani (26,2 mln so‘m) va Namangan shahrida (16,6 mln so‘m) viloyatda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan bo‘lsa, Yangiqo‘rg‘on (2,3 mln so‘m), Norin (3,8 mln so‘m), Pop (4,1 mln so‘m) hamda Chortoq (4,8 mln so‘m) tumanlarida past bo‘lgan.


Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmi Chortoq (7,3%), Mingbuloq (7,1%), Pop (6,1%) va Namangan (5,8%) tumanlarida viloyat ko‘rsatkichidan yuqori, Kosonsoy (1,4%) va Uychi (2,9%) tumanlari viloyatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lgan.


Shuningdek, Namangan shahar, Davlatobod hamda Pop tumanlarida o‘tgan yillarga nisbatan eksport hajmi kamaygan.


2023–2025-yillarda investitsiyalar dasturi doirasida 3 540 ta hududiy hamda 464 ta xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshirilgan bo‘lib, ayrim korxonalarning soliq hisobotlarida tovar (ish, xizmat) hajmida o‘sish sur’ati kuzatilmagan.


Tahlillarda, ijtimoiy sohada viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish hamda shart-sharoit yaratish, ta’mirtalab tibbiyot muassasalarida qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Qo‘shimcha manbalardan 7 ta ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurilish-ta’mirlash ishlariga 5,6 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.


Shuningdek, 2023–2025-yillarda yashirin iqtisodiyotning qisqarishi hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar vakolatlari kengayishi natijasida budjet daromadlari o‘sishi 1,4 barobarga oshgan bo‘lib, soliq tushumlari qamrovi tahlil qilinganda 13 ta yo‘nalishda 71,8 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad tushirish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.


Masalan, 109 ta yuridik shaxs QQS to‘lovi tizimiga o‘tkazilishi hisobiga 7,3 mlrd so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i undirish imkoniyatlari mavjud.


Bundan tashqari, viloyat hududida 9 ta investitsiya bloklari bo‘yicha 123,9 mln tonna uglevodorod resurslarini aniqlash yuzasidan geologik o‘rganishlarga investorlarni jalb etish yo‘nalishlari belgilandi.


O‘rganishda ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 225 ta topshiriq ijrosi ta’minlandi.


Kompleks baholash natijalari bo‘yicha Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar berildi.


Jumladan:


– viloyat yalpi hududiy mahsuloti, jumladan sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘sishini ta’minlash, shuningdek aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi past bo‘lgan Yangiqo‘rg‘on, Norin, Pop va Chortoq tumanlarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun loyihalar ishlab chiqish;


– investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish bo‘yicha doimiy monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;


– qo‘shimcha daromadlar bazasini kengaytirish hamda hududda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish;


– umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari hamda fermer xo‘jaliklari faoliyati ustidan nazoratni tuman-shahar soliq inspeksiyasiga berishni nazarda tutgan holda soliq ma’murchiligini qayta ko‘rib chiqish;


– aholiga sifatli ta’lim va tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida muassasalarda talab etiladigan qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, qo‘shimcha quvvatlar yaratish hamda malakali kadrlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;


– strategik konlar bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish, resurslar aniqlangan konlar, noruda foydali qazilmalar hamda uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha investorlarni jalb etish kabi takliflar shular qatoriga kiradi.


Shuningdek, o‘rganish natijalari viloyat mas’ullari bilan muhokama qilindi va 26 ta banddan iborat chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.

img