Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi. Unda deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a’zolari ishtirok etdi.
22.04.2026
Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi

Yig‘ilish davomida Hisob palatasi va Qonunchilik palatasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik alohida ta’kidlandi. Xususan, 2025 yilda imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi qonun ijodkorligi jarayonini takomillashtirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilishda muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
Shuningdek, Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev hisobot davrida mamlakatda davlat auditi va moliyaviy nazorat tizimini tubdan isloh qilish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, Prezident farmonlari asosida Hisob palatasi faoliyati transformatsiya qilinib, u an’anaviy nazorat organidan strategik tahlil va preventiv yondashuvlarga asoslangan institutga aylanayotganini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, raqamlashtirish, risk-tahlil va masofaviy audit mexanizmlarini joriy etish orqali byudjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilganligi qayd etildi.
2025 yilda 93 ta audit tadbiri hamda 62 ta tematik va masofaviy risk-tahlillar amalga oshirildi. Natijada jami 18,8 trln so‘mlik byudjet mablag‘lari bo‘yicha qonunbuzilishlarning oldi olindi, xarajatlar maqbullashtirildi va qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi.
Davlat byudjeti shakllantirilishi jarayonida ham Hisob palatasi faol ishtirok etdi. 2026 yil uchun Davlat byudjeti loyihasi ko‘rib chiqilib, qator taklif va tavsiyalar asosida byudjet daromadlari oshirildi, xarajatlar esa qisqartirildi. Shuningdek, mahalliy byudjetlar loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, hududlarda moliyaviy muvozanatni ta’minlashga xizmat qildi.
Hisobotda davlat byudjeti ijrosi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalari va tashqi qarz mablag‘laridan foydalanish samaradorligi yuzasidan o‘tkazilgan auditlar natijalari ham keng yoritildi. Davlat xaridlari sohasida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, raqobat muhitini kuchaytirish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish va byudjet daromadlari bazasini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Audit natijalariga ko‘ra, byudjetga qo‘shimcha tushumlar manbalari aniqlanib, ularning undirilishi ta’minlandi.
Hisob palatasi faoliyatida raqamlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, “Masofaviy audit” axborot tizimi keng joriy etildi. Ushbu tizim orqali byudjet mablag‘larining sarflanishi onlayn rejimda monitoring qilinib, moliyaviy xato va kamchiliklarni barvaqt aniqlash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinib, davlat xaridlari va boshqa sohalarda qonunbuzilish holatlarini aniqlash samaradorligi oshirildi.
Hisobotda M. Abdullaev xalqaro hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishilganligini ta’kidlab o‘tdi. Qator xorijiy davlatlar oliy audit organlari bilan aloqalar kengaytirilib, qo‘shma auditlar va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Hisob palatasi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etmoqda.
Yig‘ilish yakunida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olingan holda Hisob palatasining 2025 yildagi faoliyati ijobiy baholandi. Tomonlar kelgusida davlat moliyaviy nazoratini yanada takomillashtirish, byudjet intizomini mustahkamlash va davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.



Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_7ab13ad0abc2fa6eef8a78b6.jpg)
Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi
608
25.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_5c8f21c8e004467c7e1ac669.jpg)
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan Hisob palatasi xodimlari taqdirlandi
797
27.08.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_677681865e7ae457868e1370.jpg)
O‘zbekiston Hisob palatasi auditorlari Turkiyadagi treninglarda ishtirok etdi
2122
06.09.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_6fce33862eb98f56d2363cab.jpg)
Hisob palatasi ShHTga a'zo mamlakatlar Oliy audit organlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi
1954
14.04.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_290d60d01c00bee880ecad07.jpg)
O‘zbekiston – Vengriya Oliy audit organlari Ishchi guruhining uchrashuvi
2279
28.07.2025