05.02.2026
Hisob palatasining 2025 yilgi faoliyat bo‘yicha brifing
Hisob palatasining 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Hisob palatasida amalga oshirilgan tizimli ishlar va transformasion jarayonlar haqida ma'lumot berildi.

Ta'kidlanganidek, avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yilning 20 yanvar' kunida berilgan byudjet intizomini mustahkamlash, xarajatlarni optimallashtirish va maqsadli yo‘naltirish hamda samaradorlikni oshirish bo‘yicha topshiriqlar Hisob palatasi faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi.
2025 yilning 23 iyul' kuni Davlatimiz Rahbari Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimoti bilan tanishdi.
Endilikda Hisob palatasi faqat nazorat qiluvchi emas, balki byudjet intizomiga ko‘maklashuvchi va xulosa beruvchi idoraga aylangani aytildi.
Asosiy e'tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda. Shu bois, Hisob palatasi xodimlari endi tekshiruvchi emas, balki xalqaro mezonlar va standartlar asosida mustaqil xulosa taqdim eta oladigan auditorlar sifatida qayta tayyorlanmoqda.
O‘tgan yilda xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish kengaytirildi. Xususan, Hisob palatasi Xitoy Oliy audit idorasining amaliy yordami bilan Oliy audit organlar xalqaro tashkiloti (INTOSAI)ning “Big Data” Katta Hajmli ma'lumotlar bo‘yicha Ishchi guruhining to‘laqonli a'zosiga aylandi.
Misr Arab Respublikasida 195 ta davlat ishtirokida bo‘lib o‘tgan INTOSAIning 25-Butunjahon Kongressida O‘zbekiston Hisob palatasi birinchi marta ishtirok etdi.
Vengriya, Turkiya, Yaponiya, Latviya, Ozarbayjon, Germaniya, Saudiya Arabistoni, BAA tajribalari o‘rganildi va amaliyotda qo‘llanish boshlandi.
Audit tadbirlari va ularning natijalari:
2025 yilda Ish rejalar doirasida 93 ta audit tadbirlari, shundan 47 tasi (50 foizdan ortig‘i) masofadan o‘tkazildi.
Har bir audit yakuni bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, muammolar yechimi bo‘yicha aniq takliflar va kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilmoqda hamda joyida amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Xususan:
– xarajat yo‘nalishida 8,1 trln so‘m mablag‘lar maqbullashtirildi;
– xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarda 5,7 trln so‘m mablag‘larni iqtisod qilish imkoniyatlari hisob-kitob qilinib, 4,1 trln so‘m maqbullashtirildi va boshqa sohalarga yo‘naltirildi;
– daromad yo‘nalishida 7,6 trln so‘m, shundan qo‘shimcha soliq 3,5 trln so‘m va majburiy to‘lov 4,1 trln so‘mlik manbalari aniqlandi;
– 25 ta normativ hujjat loyihalari ishlab chiqildi, shundan 15 tasi qabul qilindi.
Shu bilan birga, auditda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida 20 ta tashkilotlar bilan tizim faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularning bajarilishi nazoratga olindi.
Axborot texnologiyalari va raqamlashtirish:
Hisob palatasining “Masofaviy audit” axborot tizimi bugungi kunda davlat moliyaviy nazorati tizimining eng muhim infratuzilmalaridan biriga aylangan.
Tizim 75 ta vazirlik, idora va banklarning 259 ta ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, soliq va bojxona tushumlari, g‘aznachilik to‘lovlari va boshqa muhim ma'lumotlardan real vaqt rejimida foydalangan holda kompleks tahlillarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Ushbu mexanizmning asosiy ustunligi — inson omilini minimallashtirgan holda tahlil tezligini bir necha baravar oshirishi va risklarni avtomatik ravishda aniqlab berishidir.
Tizim ma'lumotlarni to‘liq, shaffof va birlashtirilgan holda audit jarayoniga xizmat qiladi va moliyaviy kamchiliklar yoki shubhali operatsiyalar avtomatik ravishda aniqlanib, vazirliklarning o‘zlariga tezkor tarzda yuboriladi.
Axborot tizimidan vazirlik va idoralar, davlat ulushi
50 foizdan ortiq korxonalar hamda ularning tizimidagi jami 198 ta tashkilotning 700 nafar mas'ul xodimi foydalanmoqda.
Vazirliklarda byudjet intizomini kuchaytirish
2025 yil davomida Prezident topshirig‘iga asosan, byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oluvchi 22 ta vazirliklarda byudjet intizomini kuchaytirish, xarajatlarni samarali ishlatilishi, tizimli muammolarni aniqlash va oldini olish ishlari olib borildi.
Vazirliklarda “Situasion markazlar” tashkil etildi va risklardan 11 trln so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi, 708 mlrd so‘mlik xatoliklarning barvaqt oldi olindi.
Prezidentning Yangi Farmoni
Uning asosida 2025 yilning 18 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan Hisob palatasining faoliyatida yangi yo‘nalishlar belgilab berildi, xususan:
- xalqaro standartlar asosida milliy davlat auditi asoslarini shakllantirish;
- davlat auditining xalqaro standartlari va sifat nazoratini to‘liq joriy qilish;
- mustaqilligi, shaffofligi va samaradorligini oshirish;
- xorijiy davlatlar Oliy audit organlari yoki xalqaro audit tashkilotlar bilan parallel va qo‘shma auditlar o‘tkazish.
Farmonga ko‘ra, Xitoy, Fransiya, Braziliya, Rossiya, Pol'sha kabi davlatlar tajribasi asosida byudjetdan yirik mablag‘ oluvchi 23 ta vazirliklarda va 14 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Hisob palatasining vakili – Bosh inspektor lavozimi 2026 yil 1 apreldan joriy etiladi.
Uning asosiy ustuvor vazifalari: byudjet qonunchiligi buzilishining barvaqt oldini olish, maqsadli indikatorlar ijrosi bo‘yicha xavflarni baholash, tashqi qarz hisobidagi loyihalar monitoringi, davlat xaridlari qonunchiligiga rioya etilishi ustidan kuzatuv o‘rnatish.
Davlat auditi bo‘yicha malakali milliy kadrlarni tayyorlash
2026 yilda Davlat auditi yo‘nalishida malakali milliy kadrlarni tayyorlashning yangi mexanizmi joriy qilinadi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida davlat auditi bo‘yicha kadrlar tayyorlash maqsadida Audit oliy maktabi tashkil etilmoqda.
Unda dunyoning Top-300 ta oliy ta'lim muassasalari tajribasi va ACCA xalqaro nufuzli sertifikasiyasi asosida o‘quv reja va dasturi ishlab chiqiladi.
Xitoyning Nankin audit universiteti bilan qo‘shma dastur asosida kadrlar o‘qitiladi. Bu sa'y-harakatlar O‘zbekistonda Milliy audit tizimini yaratish jarayonida kadrlar salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.



Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_36b54f2b28999610ababf55d.jpg)
Byudjet intizomini ta'minlashda davlat moliyaviy nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish masalalarining muhokamasi
2315
20.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_7f533ad76fbab9b42affdb93.jpg)
O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi
904
24.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_f3c009b9c3443b252646fc13.jpg)
Mahalliy byudjetlarning 2024 yil ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari tashqi auditi natijalari kengashlarda muhokama qilindi
1252
16.06.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_37e702064360a39ab333516b.jpg)
Toshkent viloyatidagi rivojlantirish dasturlarining samaradorligi auditdan o‘tkazildi
996
08.10.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_c1ce03e8935b911b87aa61ec.jpg)
O‘zbekiston Prezidenti dunyo mamlakatlarini o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqirdi
1754
23.09.2025