29.12.2025
Hisob palatasida yil yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi davr ustuvor vazifalari belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida joriy yil yakunlari hamda kelgusi davrda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va tizimdagi islohotlarning yangi bosqichi yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida Hisob palatasi faoliyatida tub sifat o‘zgarishlari amalga oshirildi. Davlat auditi sohasida xalqaro standartlarga asoslangan yondashuv joriy etildi, moliyaviy nazoratning tahliliy va baholovchi mexanizmi yanada mustahkamlandi. Natijada, davlat mablag‘laridan samarali foydalanish, budjet intizomini kuchaytirish hamda xavflarni oldindan aniqlashga qaratilgan ishlar izchil yo‘lga qo‘yildi.
Yil davomida o‘tkazilgan audit tadbirlari orqali xarajatlarni maqbullashtirish, noqonuniy sarf-xarajatlarning oldini olish, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash hamda davlat xaridlari sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi. Audit xulosalari asosida davlat boshqaruvi organlariga tahliliy materiallar, ko‘rsatmalar va takliflar kiritilib, ular asosida qator normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, yirik investitsiya loyihalari ilk bor xalqaro audit standartlari asosida baholandi. Ayrim sohalarda moliyaviy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini monitoring qilishga qaratilgan zamonaviy axborot-tahlil tizimlari ishga tushirildi. Hududlarda aholi muammolarini hal etish, bandlikni ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ham faol ishlar amalga oshirildi. Qator xorijiy davlatlarning oliy audit organlari bilan o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, qo‘shma tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazildi. Hisob palatasi xodimlarining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi ta’minlandi. Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi xalqaro audit tashkilotlarining nufuzli anjumanlarida ilk bor faol ishtirok etdi.
Raqamlashtirish yo‘nalishida axborot xavfsizligi siyosati qabul qilinib, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlashga qaratilgan xalqaro tashabbuslarga qo‘shilindi. Masofaviy nazorat mexanizmlari, sun’iy intellekt elementlariga asoslangan tahlil vositalari hamda davlat moliyaviy nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi axborot tizimlari joriy etildi.
Yig‘ilishda kelgusi yilni raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini chuqur joriy etishga bag‘ishlash taklif etildi. Shu maqsadda davlat auditini tashkil etish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish, xavflarni avtomatik aniqlash, investitsiya va budjet jarayonlarini tahlil qilish, shuningdek, idoralararo axborot almashinuvini takomillashtirishga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, davlat dasturlari va loyihalar ijrosini monitoring qilish, subsidiyalar samaradorligini baholash, yashirin iqtisodiyot omillarini tahlil qilish, strategik korxonalar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar kelgusi davrning muhim vazifalari sifatida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida jamoaning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi. Samarali ishlagan xodimlar rag‘batlantirilib, barcha xodimlarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgani ta’kidlandi.
Hisob palatasi jamoasi oldida turgan vazifalarni birgalikda, mas’uliyat va tashabbuskorlik bilan amalga oshirish orqali kelgusi yilda ham davlat moliyaviy nazorati tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qat’iy ishonch bildirildi.
Boshqa yangiliklar
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_345d86629c4439ff256c5604.jpg)
Qashqadaryo viloyatiga Hisob palatasi vakili — Bosh inspektor tayinlandi
275
29.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_0a4cb1ce52541ec4e5c44be7.jpg)
O‘zbekiston Prezidenti yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi
1493
15.11.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_df8006112d60c77029080cdc.jpg)
XXV INKOSAI doirasida MDH yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
1289
29.10.2025
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_7d181a9d778ddc8829570f58.jpg)
Buxoro viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
1004
02.04.2026
![[object Object]](https://back.ach.gov.uz/media/view/file_0c8f0cc87c67833802a261ec.jpg)
“O‘ZSUVTA’MINOT” AJ FAOLIYATI, ICHIMLIK VA OQOVA SUV TA’MINOTI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN CHORA-TADBIRLAR HAMDA TASHQI QARZ LOYIHALARI AUDITI NATIJALARI
852
11.05.2026