Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

18.09.2026

O‘zbekiston va Vengriya Oliy audit organlari zamonaviy audit yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytiradi

Joriy yilning 19-sentabr kuni Budapesht shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullaev Vengriya Davlat auditi idorasi rahbari Laslo Vindish bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Vengriya Oliy audit organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, davlat auditi sohasida tajriba almashish, raqamli va IT-auditni rivojlantirish, xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish hamda auditorlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.


Ta’kidlanganidek, so‘nggi ikki yil davomida Toshkent, Samarqand, Budapesht va Sharm ash-Shayxda o‘tkazilgan uchrashuvlar ikki tomonlama professional muloqotni izchil rivojlantirishga xizmat qildi.


Vengriya Davlat auditi idorasining ko‘magida O‘zbekiston Hisob palatasining Visegrad guruhi va Markaziy hamda Sharqiy Yevropa Oliy audit organlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi.


Uchrashuvda Vengriya Davlat auditi idorasining davlat budjeti, Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan foydalanish, davlat mablag‘larining madaniy tashkilotlar va jamg‘armalarga ajratilishi samaradorligini baholashga qaratilgan auditlari tajribasi alohida qayd etildi. Shuningdek, Yevropa mablag‘laridan foydalanish samaradorligi va grantlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini baholashga qaratilgan yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.


Vengriya tomonining raqamli audit va axborot texnologiyalaridan foydalanish sohasidagi tajribasi ham uchrashuvning muhim mavzularidan bo‘ldi.


Xususan, 2026-yilda Budapesht shahrida EUROSAI Axborot texnologiyalari bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishining o‘tkazilgani ushbu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatishi ta’kidlandi.


O‘zbekiston Hisob palatasining raqamli davlat boshqaruvi sharoitida kiberxavfsizlik, ma’lumotlar sifatini ta’minlash va audit jarayonlarida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan o‘zaro almashinuvni davom ettirishga kelishib olindi.


Uchrashuv yakunida hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, 2027-yilda risklarni aniqlash va xalqaro standartlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, shuningdek, Vengriyaning sun’iy intellekt muhiti, sun’iy intellekt siyosati va audit bilimlar bazasini shakllantirish tajribasini alohida modul sifatida o‘rganish rejalashtirilgan.


Shuningdek, 2027-yil mart oyida Budapesht shahrida suv resurslarini samarali boshqarish mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirda O‘zbekiston Hisob palatasi delegatsiyasining ishtirok etishi va mamlakatda suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan auditlar natijalari asosida ma’ruza bilan qatnashishi ko‘zda tutilmoqda. Tadbir yakuni bo‘yicha suv resurslarini boshqarish auditini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqiladi.


Budapeshtdagi uchrashuvda Tomonlar davlat auditi sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish, mutaxassislar malakasini oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston va Vengriya oliy audit organlari o‘rtasidagi professional aloqalarni yanada mustahkamlashini qayd etdilar.

img-0
img-1