Saytning eski versiyasiga o`tish

O'zb

19.06.2026

Hisob palatasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi “Samarali davlat boshqaruvi” dasturi rahbari Viktor Kessler va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik bo‘yicha loyiha menejeri Yana Kurpisha bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Hisob palatasi raisi o‘rinbosari A. Allaberganov O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik davlat boshqaruvi sohasida ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.


Shuningdek, Hisob palatasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro audit standartlarini joriy etish, raqamlashtirish jarayonlari, masofaviy audit tizimi hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.


Tomonlar davlat auditi sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro tajribani joriy etish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, davlat mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.


Ma’lumot uchun, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning O‘zbekistondagi 30 yildan ortiq faoliyati davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda GIZ dunyoning taxminan 120 ta mamlakatida faoliyat yuritadi.


Uchrashuv davomida GIZ vakillari Hisob palatasi bilan keng qamrovli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Xususan, davlat xaridlari tizimida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi.


Uchrashuvda Hisob palatasi xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, xalqaro standartlar asosida qisqa muddatli o‘quv kurslari va treninglar tashkil etish, Germaniya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, davlat auditi sohasida bilim va tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.


Tomonlar mazkur muloqot O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirib, kelgusida aniq qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

img-0
img-1img-2