Hisob palatasi to‘g‘risida
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HISOB PALATASINING HUQUQIY MAQOMI, VAZIFALARI, FUNKSIYALARI VA ULARNI BELGILAYDIGAN NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR
I. Hisob palatasining huquqiy maqomi
Hisob palatasi 2002 yilda tashkil topgan. Hisob palatasi mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, u davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi hisoblanadi.
Hisob palatasi o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshiradi.
Hisob palatasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi, faqatgina Prezidentga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hisob beradi.
Hisob palatasi tomonidan quyidagi nazorat tadbirlari amalga oshiriladi: taftish, tekshirish, o‘rganish, moliyaviy audit, muvofiqlik auditi, samaradorlik auditi, strategik audit va axborot texnologiyalari auditi.
II. Asosiy vazifa va funksiyalar
Hisob palatasining vazifa va funksiyalari quyidagilardan iborat:
Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari loyihalarining ekspertizasini o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish va natijasi bo‘yicha tegishli xulosalarni tayyorlash;
qabul qilinayotgan davlat va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlanganligi auditini amalga oshirish;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
byudjet tizimi byudjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarga mablag‘lar tushumlarining to‘liqligini, shuningdek yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan choralarning amalga oshirilishini o‘rganish;
byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash;
byudjet tizimi byudjetlarining va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan o‘tkazish; byudjet tizimi byudjetlarining mablag‘lari va davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asosliligi hamda samaradorligini baholash;
soliq, bojxona va byudjet to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga, tizimli qoidabuzarliklar sabablarini, shuningdek xalqaro tajribani umumlashtirish va o‘rganish orqali byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar ishlab chiqish; yuqori turuvchi va quyi turuvchi byudjetlar o‘rtasidagi nisbatning maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadlarga oid vakolatlari va xarajatlar bo‘yicha majburiyatlari chegaralanishining to‘g‘riligini baholash;
o‘z vakolatlari doirasida qonunlar ijrosi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish; pul-kredit va valyuta siyosatini, davlat aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni tashqi auditdan o‘tkazish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida, shuningdek davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan muassasa va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tizimini joriy qilishga, shuningdek uning samarali faoliyat ko‘rsatishiga doir choralarning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
ilg‘or xorijiy tajriba hamda metodologiyalar asosida davlat tashqi auditini tashkil etish, shu jumladan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o‘tkazish;
“Big Data” texnologiyalari asosida katta hajmdagi maʼlumotlarning xavf (risk) tahlilini amalga oshirish;
byudjetga qo‘shimcha zaxiralarni jalb qilish, byudjet tizimi byudjetlari ijro etish davomida va davlat xaridlarida qonunbuzilish xavflarni aniqlash jarayonlarini avtomatlashtirish va barvaqt oldini olish bo‘yicha metod hamda mexanizmlarni joriy qilish;
vazirliklar, idoralar hamda tijorat banklari bilan o‘zaro axborot almashinuvini va maʼlumotlar bazasidan foydalanishni tashkil etish;
vazirlik va idoralarda ichki moliyaviy nazorat tizimini tashkil etishga ko‘maklashish, jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi va “Davlat auditi” dasturiy komplekslarini o‘rnatish yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatish.
III. Hisob palatasining faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi (26.12.2013 y. № O‘RQ–360); “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi Qonun (01.07.2019 y. № O‘RQ–546);
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni (22.04.2021 y. № O‘RQ–684);
O‘zbekiston Respublikasi “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonuni (29.04.2023 y. № O‘RQ–836);
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 27 avgustdagi “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6300-son Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–100-son Farmoni;
boshqa normativ-huquqiy hujjatlar.